Mars Climate Orbiter missiyasidan saboqlar

1998 yil 11 dekabrda NASA va Lockheed Martin kompaniyasi Mars Climate Orbiter (MCO) kosmik apparatini uchirdi. Ushbu missiyaning asosiy maqsadi Marsning iqlimi va atmosferasini o’rganish, shuningdek, Mars Polar Lander uchun aloqa vositasi sifatida xizmat qilish edi. Biroq, 1999 yil 23 sentyabrda, kosmik apparat Marsga yaqinlashganida u bilan aloqa uzilib qoldi. Keyinchalik, u sayyoraga mo’ljallangan orbitadan pastroqda uchib o’tib, atmosferada yonib ketgani ma’lum bo’ldi.
Bu muvaffaqiyatsizlikning sababi loyiha jamoalarida ikki xil o’lchov tizimining ishlatilgani aniqlandi. NASA SI metrik tizimi o’lchov birliklaridan foydalangan bo’lsa, Lockheed Martin muhandislari AQSHning an’anaviy o’lchov tizimi o’lchov birliklaridan foydalanishgan ekan. Natijada, kosmik apparatning yo’nalishi noto’g’ri hisoblangan va bu xato missiyaning yo’qotilishiga olib kelgan. Bu tushunmovchilik nafaqat 193 million dollarlik mablag’ning yo’qotilishiga, balki yillar davomida sarflangan mehnat, vaqt va resurslarning bekorga ketishiga, shuningdek, Marsni o’rganish borasidagi ilmiy yutuqlarning ortga surilishiga olib keldi.

Ushbu voqea loyiha boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan har jamoa a’zosi uchun bir nechta muhim saboqlarni o’z ichiga oladi:
Samarali muloqot: Loyihaning barcha ishtirokchilari o’rtasida samarali muloqotni ta’minlash muvaffaqiyatning kaliti hisoblanadi. Shuning uchun loyiha ishtirokchilari o’rtasida ma’lumotlarni muntazam almashishni ta’minlash va ochiq muloqotni rag’batlantirish kerak. Masalan, muloqot uchun MS Outlook/Teams/SharePoint kabi IT tizimlardan foydalanish, loyiha hujjatlarini markazlashtirilgan joyda saqlash va jamoalar bilan muntazam yig’ilishlar o’tkazish mumkin. Loyihaning maqsadlari, kutilayotgan natijalari va muhim sanalarini aniq belgilash ham muhim rol o’ynaydi.
Standartlashtirish: Loyihaning barcha bosqichlarida standartlarni joriy qilish va ularga rioya qilish biznesning eng yaxshi amaliyotlariga kiradi. Loyihaning hujjatlashtirish, dastur kodini yozish va o’lchov tizimlari kabi turli sohalarida standartlarni belgilash va qo’llash kerak. Masalan, loyihaning barcha bosqichlari uchun standart hujjatlashtirish shablonlarini yaratish, kodlash standartlarini belgilash va ularga qat’iy rioya qilish, hamda o’lchov birliklarini standartlashtirish va butun loyiha davomida faqat bir xil tizimdan foydalanish loyiha ishtrokchilari uchun foydali bo’ladi. Natijada, standartlarning izchil qo’llanilishi xatolar va tushunmovchiliklarning oldini olishga yordam beradi.
Risklarni boshqarish: Loyihaning boshida potensial xavf-xatarlarni aniqlash uchun risk tahlilini o’tkazish va ularni kamaytirish yoki bartaraf etish uchun aniq rejalar ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Xatarlarni muntazam ravishda kuzatib borish va yangi xatarlar paydo bo’lishi bilan rejalarni yangilash kerak. Risklarni boshqarish jarayonini loyihaning barcha bosqichlariga tatbiq etish va loyiha ishtirokchilarini ular haqida xabardor qilish kerak bo’ladi.
Sifat nazorati: Loyihaning barcha bosqichlarida sifatni tekshirish uchun nazorat nuqtalarini belgilash va sifatni ta’minlash jarayonlarini joriy qilish kerak. Misol uchun, kodning sifatini tekshirish uchun muntazam ravishda jamoa bilan dastur kodini birga ko’rib chiqish, avtomatlashtirilgan testlardan foydalanish va har bir yangi funksiya yoki tuzatishni sinab ko’rish mumkin. Bu xatolarni erta aniqlash va tuzatish imkonini beradi, bu esa loyihaning umumiy muvaffaqiyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Madaniyatlararo hamkorlik: Global loyihalarda turli madaniy kelib chiqishga ega insonlar bilan ishlashda madaniyatlararo tushunmovchiliklarning oldini olish uchun jamoaning xilma-xilligini boshqarish va madaniyatlararo muloqotni qo’llab-quvvatlash kerak. Loyiha ishtirokchilarining madaniy xilma-xilligini hurmat qilish va qadrlash, madaniy farqlar haqida ochiq muloqotni rag’batlantirish va jamoaning barcha a’zolari o’zlarini qabul qilingan va qadrlanganligini his qilishlari uchun inkluziv muhitni yaratish tavsiya etiladi.

Mars Climate Orbiter apparati missiyasining muvaffaqiyatsizligi loyiha boshqaruvi sohasida ishlaydigan har bir kishi uchun muhim saboqlarni o’z ichiga oladi. Samarali muloqot, standartlashtirish, risklarni boshqarish, sifat nazorati va madaniyatlararo hamkorlikka e’tibor berish loyihaning muvaffaqiyatli yakunlanishini ta’minlashda muhim rol o’ynaydi. Mazkur saboqlarni loyiha boshqaruvining turli sohalariga tatbiq etish orqali siz o’z jamoangizni yanada samaraliroq boshqarishingiz va muvaffaqiyatli natijalarga erishishingiz mumkin.


